AZIZ MEHMON

Daraxt kesishga ijozat berilib, keraksiz zovur qazish barham topdi. Yer yuzasi qalin qor bilan qoplangan kezlarda kutilgan aziz mehmon - o'g'rilar olamida Murik degan yangi laqab olgan Slava Galiulin paydo bo'ldi. Tengiz qish kunlari ham barakda biqib yotmay, tashqarida yoqilgan gulxan yaqinida o'tirishni xushlar edi. Ayniqsa, qor bo'ralab yog'ayotgan damda uzoq o'tirardi. Bunday paytda baland tog'Q bag'riga joylashgan ovuli yodiga tushib, yuragi ezilardi. Yelkalariga bo'rklarini tashlab olgan ovul oqsoqollari gulxan atrofida suhbat qurishardi. Ergashib chiqqan nabiralarni bobolari bo'rkka o'rab olishardi. Bular orasida Tengiz ham bo'lardi. Ular xuddi xaltadan boshlarini chiqarib javdirayotgan kenguru bolalariga o'xshab ketishardi. Bobolari ularni sovuqdan asramoqchi bo'lishardi. Ammo bolachalar kenguru xaltasida uzoq o'tira olishmasdi. Tipirchilayverib, bobolarining jonlariga tegaverishgach, ozodlikka chiqishardi. Qorda yugurib-yugurib, dumalab-dumalab o'ynashardi...
Qani o'sha ozod onlar... Qani o'sha mehrli bobolar... Qani ularning yomon shamollardan asraguvchi bo'rklari... Qani ona ovul...
Ana shu hislar bilan o'tirganida kimdir gulxanga yaqinlasha boshladi. Ozod osmonlardan yayrab-o'ynoqlashib tushib, to bahorning issiq nafasiga qadar yastanib yotmoqni niyat qilgan qor og'ir qadam yukiga dosh berolmay zorlanib g'ijirladi. Tengiz kim ekan bu? deb o'girilmadi. U aziz mehmonning shu kezlari kelishini kutayotgan edi, ziyrak zehni bu safar ham pand bermadi.
Aziz mehmon ikki qadam narida to'xtab ovoz berdi:
- Salom, Knyaz!
Tengiz salomga darrov alik olmadi. Qo'lidagi kosov bilan gulxandagi o'tinlarni titib qo'ygach, orqasiga o'girildi-da:
- Ha, Cho'mich, keldingmi, o'tir, - dedi.
Tengizning o'rnidan turmagani, ko'rishmagani, atrofida xira pashsha kabi har on g'ing'illab g'ashiga teguvchi odamni ko'rganday ensasining qotishi sababsiz emas edi. Murikning xoinligi xususidagi ma'lumot, garchi tekshirib, aniqlanmagan bo'lsa-da, unga iltifot ko'rgazmoqqa mutlaqo yo'l bermasdi. Tengiz hech narsa bilmaganday uni iliq qarshilashi, gapni aylantirishi mumkin edi. Lekin buni istamadi. Chunki u ayyorlikka nisbatan tog'liklarga xos mag'rurlikni afzal bilardi.
Murik Tengizning sovuq muomalasidan ajablanmadi. Avvalo knyaz martabasidagi bu yigitning dovrug'ini eshitgani bilan o'zini endi ko'rishi. Garchi qonundagi o'g'ri degan maqomga Tengizdan avvalroq yetishgan bo'lsa-da, bu olamda yetarli darajada nom chiqara olmagan edi. Shunday ekan, dovruqli o'g'rining bu qadar bepisandligi, tabiiy bir hol bo'lmoQi aniq. Biroq Murik bu iltifotsizlik boisini yaxshi angladi. Qamoq lagerlarida maxsus topshiriq bilan yurgani o'g'rilar olamiga ma'lumligini, o'ziga Murik degan laqab taqalganini u bilar edi. Bu ishga rozilik berganidayoq oqibatni - o'g'rilar olamida la'natga uchramog'i aniqligini hisobga olgan edi. Ammo tarozining boshqa pallasidagi o'lja qarshisida bu la'nat arzirli gap emasdi. Ta'bir joiz bo'lsa, qimorga juda katta boylik tikilgan edi. Murik nafs oldida ojiz qoldi - o'zini to'xtata olmay yo o'laman, yo boyib ketaman, deb tavakkal qildi. Ilohiy tuyg'ular ruhga hayot berur, hayvoniy orzular hayvoniy hislarga quvvat berur, deganlaridek, yaxshilik ko'chasidan yurmagan bu odamning o'zgacha qarorga kelmog'i mumkin ham emasdi.
Murik Tengizning yelkasiga kaftini qo'yib, go'yo salomlashgan bo'ldi-da, qarshisiga o'tib, g'o'lacha ustiga o'tirdi.
Tentiz qo'lidagi kosov bilan gulxanni yana titib qo'ydi. Taqdirga tan berganicha ohista yonib ado bo'layotgan o'tinlar bu titkilashga dosh berolmay faryod chekkanday hisobsiz uchqunlar sachratdilar: go'yo o'layotgan o'tinlarning bezovta ruhlari osmonga sapchiganday bo'ldi. Bu hol uzoq davom etmay, alanga yana o'tinlarni yamlab yutaverdi. Uning mag'rur tillari uchqunlarni quvalab yuqoriga intildi. Ammo o'chgan uchqunlarning izlarini topolmay to'lg'ondi.
Bir olamning ikki fuqarosi orasida gulxan ana shunday hunar ko'rsatmoqda edi. Tengiz kutilgan mehmonga qattiq tikildi. Murik esa bu nigohni sezmaganday xotirjam o'tirdi. Tengiz undan ko'zlarini uzmagan holda umrini yashab bo'lgan o'tin cho'g'lari ostidan kartoshkani kosovda tortib oldi-da, Murik tomon surdi. Bittasini o'zi tomon tortdi. Cho'g'da pishib yetilgan kartoshkalar po'stlari archilib, yeb ado qilinguncha gap so'z bo'lmadi. Tashqaridan kuzatgan kishi bularning birdan-bir maqsadi gulxanda isinib, kartoshka yeyishdan iborat deb o'ylashi mumkin edi.
- Cho'mich, - dedi nihoyat Tengiz, - sen katta ishlar qilib yurgan odam eding. Uyni urishga urib, royalda o'ynaganingga (barmoq izlarini qoldirmoq ma'nosida) hayronman.
- Atay qildim bu ishni, - dedi Murik xotirjam tarzda. - Oldinroq zo'r bir ishni do'ndirib qo'ygan edim. Ish bosdi-bosdi bo'lgunicha ozgina sayohat qilib kela qolay, dedim. Bir xunasa bilmay turib gap tarqatib yuboribdi. Knyaz, sen aqlli odamsan, har qanaqa gaplarga ishonaverma. Men nomiga isnod keltiradigan qanjiqlardan emasman.
- Sen isnodga qolib bo'lgansan, Cho'mich.
- Bir xunasaning sassiq ig'vosi bilan isnodga qolaveramanmi?
- Xunasaning ig'vosi... degin. Yaxshi. Unda Gobelyan bilan nima uchun uchrashding? Sening ishing rayon prokuroridan nariga o'tmaydigan edi. SSSR prokuraturasida nima qilib yuribsan?
Murik bu savoldan gangimadi. Biroq, javob qaytarishga ham shoshilmadi. Boshini egib, sovuqda eti junjikkanday bo'lib, kaftlarini gulxanga tutdi.
- Aytsam, ishonmaysan, - dedi u shu holatda. - Bir shilta ishga aralashtirmoqchi bo'lishdi.
- Qanaqa shilta ish ekan?
- Ikki yil oldin bir tovuqqa borib yurardim. O'shani o'ldirib ketishibdi.
- Qanaqasiga qutilding?
- Alibi! O'sha kuni men Chorjo'yda edim. Qarindoshlarnikiga to'yga boruvdim. Nafsim buzuqlik qilib ko'p yevoribman. Ichburuq bo'lib to'rt kun kasalxonada yotdim.
- Gobelyan ishondimi shu bahonangga?
- Nega ishonmasin?
- Yo Gobelyan ahmoq, yo sen. Yoki... men.
- Nega... axir...
- Murikjan... - Tengiz bu so'zni armani lahjasida, erkalash ohangida aytdi, - Murikjan... Sen aytgan shilta ish bilan MUR shug'ullanyapti. Gobelyanning ishi boshqa. O'zbekistonning tit-pitini chiqarib yurgan odam bir shilta ishni deb bir shilta o'g'ri bilan konyak icharkanmi?
- Konyak ichganim yo'q.
- Sen quloqqa lag'mon osma, Murik. Sening taqdiring hal etilgan. Gobelyanning xonasidan chiqishing-da o'zingga o'zing hukm o'qigansan. Agar yuragingda bir tomchigina halol o'g'rining qonidan qolgan bo'lsa ham hukmni o'zing ijro etishing kerak. O'zingni o'ldirsang, yaxshi nom bilan ketasan. Biz o'ldirsak, qanjiq degan nom kafaning bo'ladi. Boshqa yo'ling yo'q, Murikjan.
- Knyaz, ikkita yo'l bor joyda uchinchisi ham topiladi. Menga imkon ber.
- Gobelyan nima dedi senga?
- Bu gap ikkimizning oramizda qolishi kerak, knyaz. Bu juda nozik masala.
- Sen menga shart qo'yma. Gap shu yerda qoladimi yo teletaypga qo'yamanmi, o'zim hal qilaman.
- Yaxshi, Knyaz. Men sening aqlingga ishonaman. Gobelyan avvaliga meni o'sha shilta ish bilan qo'rqitmoqi bo'ldi, ishon. Keyin bir taklif aytdi. Yaqinda katta ov bo'ladi. Atrofingga ishonchli o'g'rilarni to'pla. Agar shartimizga ko'nishsa, ham ozod bo'lishadi, ham boyib ketishadi. Vazifa qoyilmaqom qilib bajarilsa, to o'lgunlaricha ularga tegmaymiz, dedi.
- Qanaqa vazifa? Qanaqa ov?
- Unisini aniq aytmadi. Gapining mazmuniga qaraganda Ov O'rta Osiyoda bo'lishi kerak. Vazifamiz - g'alva chiqarib berish bo'ladi. Qolganini o'zlari eplashadi.
- Yaxshi vazifa olibsan... Demak, sen o'g'rilarni emas, qanjiqlarni to'plashing kerak ekan. Sen meni qanjiq deb yurarmiding?
- Knyaz, unday dema. Sen men hurmat qiluvchi eng buyuk o'g'rilardan birisan. Ular bizga yaxshi ish taklif qilishdi. Evaziga umrbod erkinlik...
- Hukumatning har qanday ishiga yordam berish qanjiqlik ekanini unutibsan, Murik!
- Bu alohida bir imkoniyat, Knyaz. O'g'rilar olamiga katta foyda keltiradi.
- Faqat isnod keltiradi.
- Yaxshi, knyaz. Men bu taklifni faqat senga aytdim. Agar sen buni qanjiqlik deb hisoblasang, mayli, men ham bu ishga qo'l urmayman. Ikki yilni eplashtirib, tinchgina yuraveraman.
- Shunday qil: tinch yuraver, - Tengiz bu gapni aytib zaharli iljaydi.
Murik suhbat yakuniga yetganini anglab, o'rnidan turib nari ketgach, Tengiz u o'tirgan tomonga qarab tupurdi. Uning tupugi gulxanning olovli bag'rini yorib o'tolmadi - manzilga yetolmadi.
Gulxandan uzoqlashayotgan Murik Knyazni ishontirdim, deb yengil tortib yanglishgan edi. Tengiz u o'ylagan darajada befahm emasdi. Gobelyanning asl maqsadi unga hozircha aniq bo'lmasa-da, Murikka katta ovni va'da qilganiga ishonmadi. Ishonmasligiga bir qancha sabablar mavjud edi. Agar chindan ham katta ov bo'lsa, buni allaqanday Cho'michga qo'yib bermaydi. Bu yoqda Arutyunan, Nersesyan, yana allaqancha nahang baliqlar turganida bu itbaliqqa balo bormi? Gobelyan o'zining yanlarini ishga solmadimi, demak, ov katta emas. O'mon nom chiqarishga arzimaydi. Bu birlamchi sabab. Ikkilamchisi - prokuratura janjal chiqarish bilan shug'ullanmaydi. Tengiz Murik bildirgan ishdan isqirt bir siyosat hidi anqiyotganini sezdi. Demak, Murik Gobelyandan tashqarida yana bir kishi bilan uchrashgan. Ammo kim bilan, qayerda? Agar uch harflilarga aralashgan bo'lsa, ish jiddiy, - deb o'yladi Tengiz. - Ov balki ularninn rejasidir? Unda Gobelyan nima degan bu qanjiqqa? Muammo botqog'iga botayotgan Tengiz kosovni jahl bilan bir-ikki gulxan bag'riga sanchdi. O'tinlarni ohistagina yamlab yutayotgan gulxan alangasi norizo holda bir to'lg'ondi-yu, yana yumushini davom ettiraverdi.
Mehmon uzoqlashgach, barakning darchasidan xojasini kuzatib o'tirgan Pachoqburun o'rnidan turdi-da, yelkasiga paxtaligini ilib, tashqariga chiqdi. Gulxan tomon borsammi, yo yo'qmi, degan o'yda bir necha nafas turdi-da, so'ng biron amri bordir, degan o'yda xojasi tomon yurdi.
Tengiz ro'parasidagi g'o'lachaga o'tirgan Pachoqburunga bir qarab oldi-yu, indamadi. Gapirish o'rniga amrni ijro etmoqni afzal biluvchi Pachoqburun bekorga qarab o'tirmaganini bildirib qo'yish uchun so'z aytdi:
- Jmura(Qanjiq demoqchi), - dedi u so'ng ovozini balandlatib qaytardi: - jmura! - so'ziga xojasi tomondan e'tibor bo'lmagach, qo'shimcha qildi: - yelkanlarini poralab tashlash (besoqolbozlik nazarda tutilyapti) kerak.
Tengiz uning bu hukmini eshitib, unga o'qrayib qaradi.
- Og'zingni yum! - Tengiz shunday deb chirt etib tupurdi-da, Bikovatiy deb ming'irlab qo'ydi. Tengiz bu unvonni tez-tez ishlatardi. Ovoz chiqarib aytgan mahallari ham ko'p bo'lardi. Bu qamoq lageriga kelib, taxtga o'tirgan onida Pachoqburunni xos navkarlikka tavsiya etayotgan Qo'tos o'zi bikovatiy bo'lgani bilan ishimizga sadoqati zo'r, deb ta'riflagan edi. Tengiz ta'rifning ikkinchi qismini qo'yib, birinchi bo'lagiga e'tiborini qaratgan edi. Ba'zan shunday to'nkaga ro'para bo'lgani uchun taqdiridan nolib qolardi. Ammo tur desa turib, o'ldir, desa o'ldirib keluvchi odamning ong darajasi bundan ortiq bo'lmasligini bilgani uchun ham chidar edi.
Pachoqburunning hozir ro'paraga kelib o'tirishi yoqmadi, g'ashiga tegdi.
- Sen juchoklarga (yosh o'g'rilarga) tayinla, bundan uzoqroq yurishsin. Ammo har bir qadamini kuzatishsin. Aytib qo'y, kim bunga yaqinlashsa, tramvayga qo'yiladi.
- Xo'p, - dedi Pachoqburun mutelik bilan.
- Gapimni eshitdingmi?! - dedi Tengiz zardali ohangda.
- Eshitdim. Hammasiga aytaman.
- Eshitgan bo'lsang, tuxum bosib o'tirmay, tur o'rningdan!
Pachoqburun kelib o'tirgani xojasiga yoqmaganini anglab, o'rnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Ostona hatlay deganda orqadan ovoz keldi:
- Menga Hamzatni topib kel!
Amrga itoat etmoqqa odatlangan Pachoqburun ostona hatlamay, yelkasidagi paxtaligini kiydi-da, daraxt kesayotganlar tomon yurdi. Daraxt arralayotgan Nuriddinga yaqinlashib, odatiga xilof qilmagan tarzda Bu yoqqa yur, deb to'ng'illadi-yu, iziga qaytdi. U amrga so'zsiz itoat etilmog'iga ishongani uchun ham kelyaptimikin? degan xayolda orqasiga qarab ham qo'ymadi. Pachoqburunning kim ekanini yaxshi bilgan nazoratchi arrani qo'yib, unga ergashgan Nuriddindan qayoqqa ketyapsan? deb so'ramadi ham.
Nuriddin gulxanga yaqinlashib, salom berdi. Tengiz salomga alik olgach, ro'paradagi g'o'lacha tomon imlab o'tir, dedi. Nuriddin o'tirgach, kosovning uchi bilan cho'g'ni titib, orasidagi kartoshkani u tomon surdi. Bittasini o'zi olib, sovutish uchun u kaftidan bu kaftiga otib o'ynadi.
- Musulmonlarning afzal tomoni nimada, bilasanmi? - deb so'radi u kartoshka po'stlog'ini archayotib.
Nuriddin bilmayman, o'zingiz ayta qoling, deganday unga qarab, yelka qisib qo'ydi.
- Afzalligi shundaki, musulmon hamisha boshqalarga yaxshilik tilaydi. Mana, sen menga sog'lik tilab yaqinlashding. Men esam senga sihatlik bilan birga Ollohning rahmatini so'radim. Bu o'g'ri bunaqa gaplarni qayerdan biladi? deb hayron bo'lyapsanmi? Men bobomdan eshitganman bu gaplarni. Mening fojiam nimada, bilasanmi? Chin musulmon bo'la olmaganimda. Bobomning chizig'idan chiqmaganimda bu yerda kartoshka yeb o'tirmas edim.
- Endi afsuslanyapsizmi?
- Afsuslanishimdan foyda yo'q. Bu ham dunyoning bir sinovi-da. O'lmasam yana Xudoni tanish yo'liga o'tarman. Lekin... unda kech bo'lib qolishi mumkin. Fir'avnni eshitganmisan?
Nuriddin yo'q deb bosh chayqadi.
- Ha, eshitmagansan. Qadimda Misr podshosi bo'lgan. O'zini Xudo deb bilgan ekan. O'sha ahmoq Muso payg'ambarni quvib borayotganida suvga cho'kkan ekan. O'layotib bo'ldi, Xudoni tanidim, deganida Xudo ham Endi kech! degan ekan. Bu juda kuchli falsafa, Hamzat! Hayotda kechikmaslik muhim, juda muhim!
- Kechikmaslik uchun hozirdan boshlasangiz-chi?
- Hozirdan? - Tengiz unga qarab jilmaydi: - Hozir yo'l yo'q... Hamzat, bir yangi odam keldi. Sen u bilan gaplashibsan. Kimligini bilasanmi?
- Yo'q, o'zi kelib gap boshladi.
- Nima deydi?
- Bizlar musulmon farzandlarimiz, bir-birimizni qo'llab-quvvatlaylik, dedi.
- O'sha to'qqiz qaytgan endi musulmon bo'lib qolibdimi? Bilib qo'y: u bir maraz! Undan nariroq yur. Ammo harakatini ko'zdan qochirma.
- Kim o'zi u?
- Vaqti kelsa bilib olasan. - Tengiz shunday deb o'rnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Nuriddin esa iziga qaytdi. 